Qashqadaryoda yirik ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarini boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba asosida malaka oshirish kurslari o‘tkazilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan 72 kreditlik “Yirik ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarini boshqarish asoslari” mavzusida integrasion malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi muassasalar rahbar xodimlari uchun o‘quv kursining birinchi haftasidagi mashg‘ulotlar Toshkent shahrida tashkil etildi.

Dars mashg‘ulotlarini Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi professor-o‘qituvchilari hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) milliy vakolatxonasining xalqaro va milliy ekspertlari olib bormoqda.
O‘quv jarayonida hududlarda tashkil etiladigan yirik ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, boshqaruv tizimini takomillashtirish va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha milliy hamda xalqaro tajribalar muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i N.Qurbonov o‘quv jarayonida ishtirok etib, tinglovchilar bilan muloqot qildi hamda mazkur kurslarning sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishdagi ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.